Samarqand shahri Kasbiy ko’nikmalar markazi
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-avgustdagi PQ-4804-sonli “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 183-son qaroriga asosan Samarqand shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazi tashkil etildi.
Monomarkazning tashkil etilishidan asosiy maqsad ishsiz va ehtiyojmand fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlashdan iborat. Bunda asosiy e’tibor mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga o‘qitishga qaratilgan.
Markazning rasman ochilish marosimi 2021 yil 5-mayda bo‘lib o‘tdi va ish faoliyatini boshladi.
Monomarkaz Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 10,5 milliard so‘m ajratilib, o‘quv xonalari jahon standartlari talabiga javob beradigan, zamonaviy, shinam, barcha innovatsion ehtiyojlar to’ldirilgan holatda barpo etildi. Bundan tashqari, jahon banki tomonidan markazning moddiy texnik bazasini yanada rivojlantirish uchun, rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilgan eng so‘nggi jihozlar bilan jihozlandi va moddiy texnik bazaning boyitilib borishi davom etmoqda.
Markazning yillik quvvati 1650 o‘ringa ega bo‘lib, uzoq tumanlardan kelib o‘qiyotgan tinglovchilar uchun zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan 60 o‘rinli yotoqxona mavjud.
Hozirgi kunda markazda 20 turdagi kasblar, jumladan issiqxona ishchisi, oshpaz, qandolatchilik, payvandlovchi, ayollar sartaroshi, erkaklar sartaroshi, yuk ko‘tarish krani operatori, uqalovchi (kattalar va bolalar uchun), tikuvchilik, haydovchilik, elektrik, avtoservis xizmat ko‘rsatish ishchisi, santexnik chilangar kabi yo‘nalishlar, xorijiy tillar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalari, kompyuter dizayn dasturlari, arxitektura, proyekt dasturlari bo‘yicha qisqa muddatli 2-3-4 oylik o ‘quv kurslari tashkil etilgan.
Monomarkaz bitiruvchilariga egallagan kasbi bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtirilgan davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Bundan tashqari WorldSkills talablari asosida baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda ishlash huquqini beruvchi Skills pasporti beriladi.
Markazda o‘quv mashg‘ulotlari 70 foiz amaliy 30 foiz nazariy olib boriladi. Mahalliy va xorijiy sanoat korxonalari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bundan tashqari sanoat talabidan kelib chiqqan holda ularning ishchilarini malakasini oshirish imkoniyati mavjud. Shu bilan birgalikda yangi tashkil etilgan EIZlarga mutaxassis kadrlarni tayyorlab berishdan iborat.
Eng muhimi “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftariga kiritilgan fuqarolarning kasb-hunar egallashida ko‘maklashish va tadbirkorlik qilish niyatida bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash markazning asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Markaz tahsil oluvchilarining darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun to‘garaklar tashkil qilingan. O‘quv kurslarida darslar malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Bundan tashqari, ishsiz fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha ularni ishga joylashtirish, migratsiya xizmati ya’ni xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan fuqarolarni xorijiy tillarga o‘qitish kabi xizmatlar ham doimiy ko‘rsatilib boriladi.

